Institut haqida
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «O‘zInjiniring» Respublika loyiha institutining tarixi 2006-yildan boshlanadi. Shu yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 13.06.2006y. sanasidagi PQ-377-sonli qarori bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni ilmiy-texnikaviy va loyihaviy qo‘llab-quvvatlashni muvofiqlashtirishni kuchaytirish, respublika iqtisodiyotini barqaror va mutanosib rivojlantirish uchun muhim bo‘lgan bazaviy sanoat tarmoqlari korxonalarini qurish, rekonstruksiya qilish va modernizatsiya qilish bo‘yicha yirik investitsiya loyihalarini yuksak saviyada tayyorlash va ularning amalga oshirilishini sifatli qo‘llab-quvvatlash maqsadida Iqtisodiyot vazirligi huzurida O‘zbekiston elektr energetikasi, neft va gazni qayta ishlash, kimyo va og‘ir sanoati uchun loyihalash ishlarini amalga oshiruvchi institut - «O‘zog‘irneftgazkimyoloyiha» instituti tashkil etildi.
Ishlab chiqilayotgan investitsion loyihalar sifatini yanada oshirish, loyihalash jarayonlariga ilgʻor xorijiy tajribaga asoslangan loyihalash ishlarini tashkil etish va amalga oshirishning ilgʻor usullarini joriy etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 14.03.2017y. sanasidagi PQ-2831-sonli qarori bilan «Oʻzogʻirneftgazkimyoloyiha» Davlat instituti Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «OʻzInjiniring» Respublika loyiha institutiga aylantirildi.
Institut zimmasiga investitsiya loyihalari uchun loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiquvchi bosh pudratchi vazifalari yuklatilgan boʻlib, u ushbu vazifalarni buyurtmachilar - iqtisodiyot bazaviy tarmoqlari korxonalari bilan tuziladigan shartnomalar asosida amalga oshiradi.
Institutning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari, uning tuzilishi, Loyiha bosh muhandisi byurosining namunaviy tuzilmasi va Ilmiy-texnik kengash aʼzolari tarkibi belgilab berildi, moliyalashtirish manbalari aniqlab berildi hamda Institut faoliyatini tashkil etish bilan bogʻliq chora-tadbirlar majmui amalga oshirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 25-apreldagi F-4917-sonli farmoyishi bilan Institut toʻgʻrisidagi Nizom tasdiqlandi, hamda ushbu nizom orqali Institut oldiga qoʻyilgan talab va vazifalar belgilab berildi. Institut shaxsiy tarkibi zarur bilim va amaliy ish tajribasiga, shu jumladan, texnik-iqtisodiy asoslov (TIА) va texnik-iqtisodiy hisob-kitoblarni (TIHK) tayyorlash va ishlab chiqish tajribasiga ega yuqori malakali mutaxassislar bilan toʻldirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 22.02.2018y. sanasidagi PQ-3557-sonli “Iqtisodiyot bazaviy tarmoqlaridagi loyiha ishlarini hamda muhandis-loyihalovchilarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan «OʻzInjiniring» RLI ixtisoslashgan oliy taʼlim muassasalari va loyiha tashkilotlari oʻrtasida yuqori malakali loyihalovchi muhandislarni tayyorlash masalalari boʻyicha oʻzaro hamkorlikni amalga oshiruvchi organ deb belgilandi.