Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
4 Mart 2023 374

“Acwa Power” kompaniyasi bilan O‘zbekistonda ikkita quyosh fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha bitimlar imzolandi. shuningdek, Toshkent viloyatida quvvati 400 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishiga start berildi

2023-yil 4-mart kuni Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati o‘rtasida investitsiya va elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risida uchta bitim imzolandi.

Bitimlar Toshkent va Samarqand viloyatlarida umumiy quvvati 1 400 MVt bo‘lgan ikkita quyosh fotoelektr stansiyasi hamda Toshkent, Buxoro va Samarqand viloyatlarida umumiy quvvati 1 200 MVt bo‘lgan uchta energiya saqlash tizimlari joriy etilishini o‘z ichiga oladi.

Toshkent viloyatida 400 MVt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyasi va 400 MVt quvvatga ega energiya saqlash tizimlari, Samarqand viloyatida esa 1 000 MVt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyasi va 400 MVt quvvatga ega energiya saqlash tizimlari, shuningdek, Buxoro viloyatida 400 MVt quvvatga ega energiya saqlash tizimlari joriy etiladi. Shu bilan birga, loyihalar elektr uzatish tarmoqlari qurilishini o‘z ichiga oladi.

Tadbir davomida Toshkent viloyatida quvvati 400 MVt bo‘lgan yirik quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishiga start berildi. Ushbu elektr stansiyasi ishga tushirilishi natijasida yiliga 900 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Buning natijasida 257 mln kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishilib, atmosferaga 360 ming tonna zararli gazlar chiqishining oldi olinadi.

Qayd etish kerakki, Respublikamizda 2030-yilga borib elektr energiyasining 35 foizini qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan ishlab chiqarish maqsad qilingan. Buning natijasida esa, jami 15 000 MVtni – 10 000 MVt quyosh va 5 000 MVt shamol elektr stansiyalari ishga tushirilishi belgilangan.

Ma’lumot uchun: “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan bugungi kunda O‘zbekistonda umumiy quvvati 4 100 MVt bo‘lgan 5 ta elektr stansiya, xususan 2 600 MVt quvvatli 4 ta shamol va 1 500 MVt quvvatga ega 1 ta zamonaviy issiqlik elektr stansiyasi qurilmoqda. Ahamiyatlisi, kompaniya tomonidan Sirdaryo viloyatida qurilayotgan 1 500 MVt quvvatli zamonaviy IES joriy yilda ishga tushiriladi.

O‘zbekistonda energiya saqlash tizimlarini joriy etilishi orqali tez orada mintaqadagi eng yirik energiyani saqlash inshootlariga ega bo‘linadi, bu esa tarmoqni barqarorlashtirish va respublikada qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi. Energiya saqlash tizimlari o‘zgaruvchan qayta tiklanuvchi energiya manbalarining yagona tarmoqqa bo‘lgan ta’sirini oldini oladi. Ular yordamida ishlab chiqarish davrida ortiqcha elektr energiyasini saqlash va kam ishlab chiqarish davrida saqlangan energiyadan foydalanish imkoniyati yaratiladi.

Ushbu loyihalar ishga tushgach, respublika hududlaridagi 1,2 million xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlash va yiliga 1,6 million tonnaga yaqin zararli gazlar chiqishining oldini olishga erishiladi.

 

Investitsiya bitimlari O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va “ACWA Power” kompaniyasi hamda elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risidagi bitimlar “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan imzolandi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2022-yil avgust oyida Saudiya Arabistoni Podshohligiga tashrifi chog‘ida “ACWA Power” kompaniyasi O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan kelgusi besh yilda 10 milliard dollarlik yangi investitsiya kiritishni nazarda tutuvchi investitsiyaviy hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzoladi.

Toshkent, Samarqand va Buxoro viloyatlarida amalga oshirilayotgan loyihalar 10 milliard dollarlik maqsadli investitsiyalar doirasida qariyb 2,5 milliard dollar bo‘lgan yangi investitsiyalarni jalb qiladi. Yaqinda kompaniya bilan respublikada yashil vodorod ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha asosiy shartlar to‘g‘risida bitim imzolandi.



Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech