Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
7 Fevral 2019 | Manba: O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (UzA) 1052

Atom elеktr stansiyasi qurilishiga bagʻishlandi​
Poytaxtimizda atom elektr stansiyasi qurilishiga bagʻishlangan seminar oʻtkazildi.

Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentlik va “Oʻzatom” agentligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mahalliy mutaxassislar va “Rosatom” davlat korporatsiyasi vakillari ishtirok etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti Behzod Yoʻldoshev, Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentlik (MAGATE) yadroviy qurilmalar xavfsizligi boʻlimi direktori Greg Jentkovski va boshqalar yurtimizda birinchi atom elektr stansiyasi qurilishi loyihasi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar nazariy-amaliy jihatdan tadqiq etilayotgani va bu jarayonda xalqaro tajribalarni mukammal oʻrganishga qaratilayotgan eʼtibor ijobiy samara berayotganini taʼkidladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 19 iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni mamlakatimizda birinchi atom elektr stansiyasi qurilishida muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qilmoqda.

Seminardan koʻzlangan maqsad “Oʻzatom” agentligi va boshqa aloqador agentliklar mutaxassislari uchun xavfsizlik tartib-talablari asosida maslahat va yoʻl-yoʻriqlar koʻrsatishdir.

Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentlik 1957 yilda tashkil etilgan. U atom energiyasidan tinch maqsadda foydalanish borasida ilmiy-texnikaviy hamkorlik qiluvchi tashkilot hisoblanadi. Bugungi kunda uning Kanada, Jeneva, Nyu-York i Tokioda hududiy boʻlimlari, Avstriya  Monakoda laboratoriyasi hamda Italiyada ilmiy-tadqiqot markazi faoliyat koʻrsatadi. Agentlik qarorgohi Vena xalqaro markazida joylashgan. Yapon millatiga mansub Yukiya Amano 2009 yildan buyon agentlik bosh direktori lavozimida faoliyat koʻrsatib keladi.

– Bugun mavzu doirasida juda foydali maʼlumotlarni oldik, – dedi “Oʻzatom” agentligi bosh direktori oʻrinbosari Bahrom Mansurov. – Bunda AES qurilishi uchun joy tanlash masalasi muhim boʻlib, ushbu agentlikning tartib-tamoyillariga amal qilish har jihatdan toʻgʻri yoʻldir. Agentlik tavsiyalari boʻyicha AES uchun kamida uchta maydonda tadqiqotlar oʻtkazilishi zarur. Bu oʻz ichiga geologik, gidrologik, meteorologik, seysmik, iqtisodiy va infrastrukturaga oid tadqiqotlarni qamrab oladi. Shunga asosan atom elektr stansiyasi qurilishi uchun yurtimizning ayrim hududlarida muhandislik qidiruv ishlari amalga oshirilmoqda.

– Oʻzbekistonda AES qurilishi loyihasi boʻyicha boshlangan ishlar va bunda tanlangan zamonaviy texnologiyalar xavfsizligi jihatidan muhim ahamiyatga ega, – dedi Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentlik yadro infrastrukturasi boʻyicha muhandisi Jon Xaddad. – Biroq AES qurilishida maydon tanlash juda muhim. Bu borada seminarda oʻz tajribamiz bilan oʻrtoqlashdik. Masalan, maydon elektr energiya tarmogʻiga yaqin boʻlishi maqsadga muvofiqdir. Chunki bunda iqtisodiy tejamkorlik, yaʼni ortiqcha sarf-xarajatning oldi olinadi. Joyni toʻgʻri tanlash va uni qurilishga tayyorlash jarayonlari ham asosiy talablardir. AES qurilishida xavfsizlik va atrof-muhitga taʼsirni baholash masalalariga amal qilish eng zarur tavsiyalardir.

Seminarda atom elektr stansiyasi uchun maydon tanlashda ekologik jihatlar, atom elektr stansiyasi uchun infratuzilmani rivojlantirishda Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentlik talabi va xavfsizlik standartlariga muvofiq litsenziyalash jarayoni, ushbu tashkilotning atrof-muhitga taʼsirni baholash va atom energetikasi muammolarini ishlab chiqish boʻyicha yondashuviga oid masalalar atroflicha tahlil etildi.


Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech