Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

Olimpiya shaharchasi qurilishi bo‘yicha muloqot o‘tkazildi

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida Olimpiya shaharchasini moliyalashtirish jarayonini jadallashtirish va istiqbolli loyihalar bo‘yicha hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Botir Zokirov hamda Xitoy Eksimbanki departament rahbari Ye Linjun va “China CAMC Engineering Co.,LTD” kompaniyasi vakillari Olimpiya shaharchasining qurilish loyihasida hamkorlik masalalari yuzasidan o‘zaro fikr almashdi.

Ma’lumki, 2025 yilda Toshkent shahrida yoshlar o‘rtasida Osiyo o‘yinlari o‘tkaziladi. Unga qit’amizdan ko‘plab sportchi va murabbiylar, delegatsiyalar, jurnalistlar keladi. Bu nufuzli musobaqani yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida poytaxtimizning Yashnobod tumanida Olimpiya shaharchasi qurilishi rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ushbu loyihaga ko‘ra, shaharcha markazida Olimpiya stadioni, suv sporti saroyi, mashg‘ulot maydonchalari, eshkak eshish havzasi barpo etiladi. Barcha sharoitlar Osiyo olimpiya kengashi va xalqaro sport federatsiyalari talablariga muvofiq bo‘ladi. Ma’muriy bino, yotoqxona, muzey va xo‘jalik ob’ektlari ham quriladi. Musobaqalardan tashqari vaqtda shaharcha o‘quv-mashg‘ulot bazasi bo‘lib xizmat qiladi. Bu yerda Oliy sport mahorati instituti, sport federatsiyalari va sohadagi boshqa muassasalar faoliyat olib boradi.

O‘zaro samimiy kechgan muloqotda mehmonlar yurtimizda xorijiy investorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan qurilish loyihalarining istiqbollarini mamnuniyat bilan qayd etdi. Ushbu keng qamrovli tashabbus Yangi O‘zbekiston tarixida yana bir muhim voqelik ekanligi alohida ta’kidlandi.



Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech