Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
8 Fevral 2019 | Manba: LBMA 343

«Ilg`or hudud»: LBMA va AgroDronGrup Rossiya kompaniyalari Jizzah viloyatida qishloq ho`jaligi maydonlarini raqamlashtirish hamda masofaviy diagnostikasi bo`yicha bir qator ishlarni amalga oshirdilar.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 yanvardagi «Jizzah viloyatini kompleks rivojlantirishni davlat tomonidan tartibga solish va boshqarishning samarali modelini ishlab chiqish to`g`risida»gi PF-5609-sonli Farmoniga asosan Jizzah viloyatida «Ilg`or hudud» sinov loyihasi amalga oshirilishi ko`zda tutilgan. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (keyingi o`rinlarda – Agentlik) sinov loyihasini tizimli va samarali tayyorlash hamda amalga oshirish uchun mas’ul organ etib belginlandi.

Sinov loyihasi doirasida Agentlik tashabbusi bilan qishloq ho`jaligi maydonlarini raqamlashtirish va masofaviy tahlil ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Ushbu loyiha doirasida Agentlik tomonidan «AgroDronGrupp» (Rossiya) kompaniyasi bilan masofaviy tahlil ishlarini amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

2019 yil 15-17 yanvar kunlari Jizzah viloyati Paxtakor tumanida «AgroDronGrupp» kompaniyasi hamda Agentlikning Jizzah filiali xodimlari tomonidan qishloq ho`jaligi uchun mo`ljallangan maydonlar o`rganib chiqilib, uchuvchisiz uchuv qurilmalar yordamida masofaviy tahlil ishlarining birinchi bosqichi amalga oshirildi.

Paxtakor tumani dala maydonlarida «AgroDronGrupp» kompaniyasi hodimlari tomonidan aerofoto suratga olish ishlari olib borildi. Shuningdek, Respublika Agrokimyo stansiyasi tomonidan ekin ekilmagan yerlar holati bo`yicha tegishli izlanishlar olib borildi.

«AgroDronGrupp» kompaniyasi tomonidan qishloq ho`jaligi uchun uchuvchisiz uchuv qurilmalari, raqamli va multispektral aerofoto suratlarga olish yordamida masofadan zondlash usullari bilan qishloq ho`jaligi ekinlarini tahlil qilish bo`yicha noyob uslublar ishlab chiqarilgan va qo`llaniladi. Ushbu texnologiyalarni tatbiq etishda V.M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, Pryanishnikov nomidagi Agrokimyo instituti, Agrofizika instituti, O`simliklarni biologik himoyalash bo`yicha umumrossiya ilmiy-tadqiqot instituti va boshqa tashkilotlarning yetakchi mutahassislari ishtirok etadi.

Aerofoto suratga olish va agrokimyo izlanishlari natijalariga asosan, relyef tahlili, kartografik ishlari va tuproqni laborator tahlillari quyidagi maqsadlar uchun amalga oshiriladi:

1. Ortofotoplan (dala maydonlarining chegaralarini aniqlash va geografik koordinatalarga bog`lash orqali);

2. Relyef tekisligining raqamli modellari;

3. Qiyaliklar va suv oqimlarining haritalari;

4. Tuproqda mavjud bo`lgan asosiy ozuqa elementlar tarkibi;

5. Tuproqda hayot uchun zarur bo`lgan mikroelementlar tarkibi;

6. Dala maydonlarida ozuqa moddalari va mikroelementlarning notekis taqsimlanish haritasi.

Izlanishning birinchi bosqichida kompaniya mutahassislari tomonidan olingan ma’lumotlar asosida, Jizzah viloyatida tadqiqot qilingan maydonlarning samaradorligini oshirish, dexqonchilik qilishning aniq texnologiyalarini joriy etish bo`yicha tavsiyalar ishlab chiqiladi, tadqiq etilgan maydonlarda iqlim va tuproq hususiyatlarini inobatga olgan holda ekilishi tavsiya qilinuvchi qishloq ho`jaligi ekinlarini yetishtirish bo`yicha tavsiyalar beriladi.

Keyingi bosqichlarda maydonlarda yetishtirilayotgan qishloq ho`jaligi ekinlarini rivojlanishining turli bosqichlari multispektral (giperspektral) kamera yordamida aerofoto suratlari olinadi, bu esa ko`chat holati va ekin ekish sifatini nazorat qilishga sharoit yaratib, maydonlarning nuqsonli qismlarini ajratib ko`rsatish, o`simliklarni rivojlanish dinamikasini nazorat qilish, yetishtirilayotgan o`simliklarga azotning tarqalishini tahlil qilish (spektrdagi aerofoto suratlari va N-testera ko`rsatkichlari asosida), hosildorlikning istiqbollarini belgilash va hosil yig`ishtiriladigan maydonlar ketma ketligini aniqlash imkonini beradi.

Mazkur texnologiyalarni joriy etishga yo`naltirilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishi fermer ho`jaliklarning hosildorligi va daromadlari 70-90% gacha sezilarli darajada oshishiga imkoniyat yaratadi.



Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech