Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
13 Fevral 2024 1968

Prezident tashabbuslari — amalda

O‘zbekistonning oltita hududida beshta quyosh va bitta shamol elektr stansiyalari bir vaqtda ishga tushirilganiga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q. Umumiy quvvati 2,4 gigavattlik ushbu «yashil» elektr stansiyalari juda qisqa muddat — to‘qqiz oyda foydalanishga topshirildi.

Bu mamlakatimizda keyingi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan energetika tizimini isloh qilish va barqarorligini oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasi sanaladi.

Shu o‘rinda tarmoqda xususiy sektor, yetakchi xorijiy kompaniyalar faoliyatiga qulay sharoitlar yaratilganini ta’kidlash joiz. Quvonarlisi, islohotlar davom etmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda to‘qqiz gigavattli yigirma ikkita quyosh va shamol elektr stansiyasini qurish loyihalari ustida ishlanmoqda.

Bunday xayrli tashabbus keng qamrovda amalga oshirilsa natijasi ham yuqori bo‘ladi. Ya’ni qayta tiklanuvchi energiyadan quyida — ijtimoiy soha ob’ektlarida, ishlab chiqarish korxonalarida, ko‘p qavatli aholi yashash uylarida foydalanishni qo‘llab-quvvatlash zarur. Quvonarlisi, bu boradagi ishlar ham izga tushdi. Kichik quvvatdagi energiya manbalarini o‘rnatish, ularni yurtimizga olib kelishda qulayliklar yaratilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 8 yanvarda «Qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida energiya ta’minotini tashkil etish sohasini tartibga solish va rivojlantirish to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan bu yo‘nalish bo‘yicha bojxona to‘lovlarida yengilliklar belgilandi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari va ularning asbob-uskunalari, xomashyo, butlovchi hamda ehtiyot qismlarini import qilishda bojxona to‘lovlarini 120 kun muddatga foizlar undirilmagan holda kechiktirib to‘lash imkoniyati yaratildi.

Shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va ularning asbob-uskunalari, xomashyo, butlovchi va ehtiyot qismlarini import qilish faoliyati bilan uch yildan ortiq davr mobaynida shug‘ullanayotgan tadbirkorlarga ham imkoniyatlar mavjud. Bojxona to‘lovlari bo‘yicha majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarib kelgan ana shunday tadbirkorlarga 6 oy muddatga bojxona to‘lovlarini ta’minlash qo‘llanilmagan holda bojxona to‘lovlarini bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.

— Hujjatga ko‘ra, 2024 yil 1 martdan boshlab texnik hujjatlarida yoki markirovkasida quyosh elementlarining sifat ko‘rsatkichlarini ifodalovchi tegishli sinfi to‘g‘risidagi axborotlar mavjud bo‘lmagan quyosh panellarini chetdan olib kirish taqiqlanadi, — deydi O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi bosh mutaxassisi Bekzod Asadov. — Shuningdek, quyosh panellari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligi tasdiqlanishi majburiy bo‘lgan mahsulotlar ro‘yxatiga kiritiladi. Import qilingan tovarlarni sifatga muvofiqligi bo‘yicha laboratoriya sinovlaridan o‘tkazish tartibi ham joriy qilinmoqda. Bunda dastlab mavjud laboratoriya imkoniyatlaridan foydalaniladi. Shuningdek, Energetika vazirligi huzuridagi qayta tiklanuvchi energiya manbalarini sinash bo‘yicha laboratoriyaning imkoniyatlari kengaytirilmoqda.

Hujjat aholi va ijtimoiy soha ob’ektlarini elektr energiyasi bilan ta’minlashga xizmat qiladi. Shuningdek, bu yo‘nalishdagi ishlab chiqarish hajmi ortishiga erishiladi.

Maqsad katta, yaqin istiqbolda O‘zbekistonda «yashil» energetika manbalarini sezilarli oshirish rejalashtirilgan. Bunga erishilganda esa katta miqdorda tabiiy gazni iqtisod qilish, atmosferaga zararli tashlanmalarni imkon qadar kamaytirish imkoni yaratiladi.



Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech