Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
24 May 2023 227

Qashqadaryoda quyosh fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha o‘tkazilgan tenderning dastlabki g‘olibi e’lon qilindi

24-may kuni Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida quvvati 300 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasini qurish va undan foydalanish bo‘yicha o‘tkazilgan tender tanlovida dastlabki g‘olibi e’lon qilindi.

Mazkur loyiha Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida “Umumiy quvvati 300 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi qurish loyihasini ishlab chiqish va maslahat xizmatlarini ko‘rsatish Dasturi” (ADB Phase 2) doirasida amalga oshirilmoqda.

Mazkur loyihani amalga oshirishga 2 ta xalqaro kompaniya qiziqish bildirdi. Moliyaviy takliflarning ochilish natijalari:

1. “Abu Dhabi Future Energy Company PJSC – Masdar” (BAA) kompaniyasi tomonidan quyosh elektr stansiyasidan ishlab chiqariladigan 1 kVt·soat elektr energiyasi uchun 3.0 AQSh senti hamda akkumulator tizimining 1 MVt·soat mavjudligi uchun 6,33 AQSh dollari taklif qilindi.

2. “ACWA POWER-Saudi Listed Joint Stock Company” (Saudiya Arabistoni) kompaniyasi tomonidan quyosh elektr stansiyasidan ishlab chiqariladigan 1 kVt·soat elektr energiyasi uchun 3.0518 AQSh senti hamda akkumulator tizimining 1 MVt·soat mavjudligi uchun 24,425 AQSh dollari taklif qilindi.

“Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida quvvati 300 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasini qurish” loyihasi doirasida “Abu Dhabi Future Energy Company PJSC – Masdar” kompaniyasi tenderning dastlabki g‘olibi, “ACWA POWER-Saudi Listed Joint Stock Company” kompaniyasi tenderning zaxira g‘olibi deb e’lon qilindi.

Tanlov hujjatlari yaqin kunlarda Tender komissiyasi tomonidan OTB maslahatchilari ishtirokida ko‘rib chiqiladi va tasdiqlanadi.

Mazkur tanlov O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, Iqtisodiyot va moliya vazirligi va Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan o‘tkazildi.

Moliyaviy takliflarning talab etilgan mezonlarga muvofiqligi baholagandan so‘ng, loyihani amalga oshiradigan investorning nomi e’lon qilindi.

Loyiha G‘uzor tumanidagi 300 MVt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyasi va 1 soat davomida 75 MVt quvvat beradigan energiya saqlash tizimi (akkumulator)ni o‘z ichiga oladi.

Tenderda g‘olib bo‘lgan investor quyosh fotoelektr stansiyasini loyihalashtiradi, moliyalashtiradi va boshqaradi.


Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech