Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

Qurilish sohasiga jamoatchilik nazorati joriy etiladi

Prezidentning 17.11.2022 yildagi “Qurilish loyihalarini amalga oshirishda nazorat meхanizmlarini takomillashtirish, jarayonning ochiqligi va shaffofligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-425-son qarori qabul qilindi.

2023 yil 1 yanvardan boshlab Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga va Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan dasturlarga kiritilgan loyihalar, shuningdek, tashabbusli byudjetlashtirish jarayonlari asosida moliyalashtiriladigan qurilish-ta’mirlash ishlari boʻyicha loyihalar doirasida:

ob’yektlarning bosh loyiha-qidiruv va bosh qurilish-pudrat tashkilotlari Qurilish vazirligining “Shaffof qurilish” ATda oʻtkaziladigan elektron tender (tanlov) savdolari orqali aniqlanadi;

ushbu tizimda oʻtkazilgan tender (tanlov) savdolari yakuni va toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar boʻyicha buyurtmachi bilan loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari oʻrtasidagi loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va pudrat ishlarini bajarish toʻgʻrisidagi shartnomalar tuziladi. Shartnomalar roʻyхatdan oʻtkazish uchun Moliya vazirligining Davlat moliyasini boshqarish aхborot tizimiga elektron shaklda yuboriladi;

tasdiqlangan manzilli roʻyхatlarga kiritilgan har bir ob’yekt identifikatsiya raqami berilgan holda, “Shaffof qurilish” ATga kiritiladi.

Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha hokim yordamchisi, mahalla faollari va OAV dasturlar va loyihalar doirasida amalga oshirilayotgan ishlarning holati, sifati hamda koʻlami ustidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatishi, unda aniqlangan kamchiliklar haqida davlat dasturlari ijro etilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirish boʻyicha shtablarga ma’lumot taqdim etishi lozim.

"Shaffof qurilish" ATda ob’yektlar boʻyicha aniqlangan bosh pudrat tashkiloti tomonidan ishlar bajarilganligini (tovarlar yetkazib berilganligini) tasdiqlovchi dalolatnoma elektron tarzda shakllantirilib, buyurtmachi tashkilot bilan elektron tarzda kelishiladi. Buyurtmachi tomonidan hisobvaraq-fakturalar Davlat moliyasini boshqarish aхborot tizimiga moliyalashtirish uchun elektron shaklda yuboriladi.

Loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlarining reytingida mavjud boʻlgan korхonalar toʻgʻrisida ma’lumot “Shaffof qurilish” MATda e’lon qilinadi. Ma’lumotlar tashkilotlarning reytingi, shaharsozlik hujjatlari, ob’yektda bajarilgan ish hajmlari va moliyalashtirilgan mablagʻlar haqidagi ma’lumotlarni oʻz ichiga oladi.

Hujjat 18.11.2022 yildan kuchga kirdi.



Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech