Yashil taraqqiyot sari

“Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”
2025 yil mamlakatimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qildi. Bu yurtimizda ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda iqlim o‘zgarishini yumshatishga qaratilgan yangi davrni boshlab beradi. Qolaversa, atrof-muhit muhofazasi sohasida mavjud milliy qonunchilik takomillashtirilib, qabul qilinayotgan har bir qaror zamirida yashil rivojlanish tamoyillari mujassam bo‘lmoqda.
Darhaqiqat, ekologiya masalasi yurtimizda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanib, bu boradagi ishlar tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. Dunyoda tobora ortib borayotgan ekologik muammolar, ayniqsa, iqlim o‘zgarishi, suv taqchilligi tufayli yuzaga kelayotgan salbiy oqibatlar dunyo hamjamiyatini ham tashvishga solmoqda. So‘ngi yillarda yetakchi davlatlar ishtirokida o‘tkazilayotgan Xalqaro ekologik tadbirlar, BMTning nufuzli minbarlarida davlat rahbari ishtirok etib, turli taklif hamda tashabbuslarni ilgari surayotganligini Xalqaro ekspertlar ham e’tirof etmoqda.
– “Yashil” iqtisodiyot ekologik xavfsizlik, energiya tejamkor ishlab chiqarishga o‘tish demakdir, – deydi O‘zbekiston Ekologik partiyasi Buxoro viloyat Kengashi raisi o‘rinbosari, Xalq deputatlari Buxoro viloyat Kengashi deputati Jahongir Sharipov. – Avvalo, quyoshli yurtimizda muqobil energiya manbalaridan foydalanish, iqtisodiy o‘sish va ekologik barqarorlik uchun zamin yaratadi. Ekologiya hayot-mamot masalasi sifatida doimo dolzarblik kasb etgan. Chunki inson umr kechirayotgan yer sayyorasida toza havo, tuproq, suv, o‘simlik, hayvonot olami va quyosh nuri tiriklik ramzi sifatida namoyon bo‘ladi. Biroq, sayyorada tabiatga inson omili hamda tabiiy ta’sirning ortib borishi u yoxud, bu hududda turli ko‘rinishda aks-sado bermoqda. Tabiat esa insoniyatdan najot kutmoqda.
So‘ngi 30 yilda o‘rtacha havo harorati bashorat qilingandek 0,5 darajaga emas, 1,5 darajaga ortganligi tabiat va inson salomatligiga soya solmoqda. 2030 yilga borib, mavjud suv zaxiralarining 20 foizga kamayishi, yer sharida 3 milliardga yaqin aholi toza ichimlik suvi taqchilligiga uchrashi, chiqindi turlarining ortib borishi, fasllar xususiyatining o‘zgarishi kabi o‘nlab ekologik muammolar insoniyatni tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga chorlaydi, albatta.