Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi

“O‘zInjiniring” Respublika loyiha instituti to‘g‘risidagi

NIZOM 

 1-bob. Umumiy qoidalar

1.      Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-martdagi “Iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlarida loyiha ishlari samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2831-sonli qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zInjiniring” Respublika loyiha instituti (keyingi o‘rinlarda — “O‘zInjiniring” RLI) ning asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari va mas’uliyatini, faoliyatining tashkiliy asoslarini belgilaydi.

2. Institut investitsiya va infratuzilmaviy loyihalarning texnika-iqtisodiy asoslanisshi va hisob-kitoblarini (TIA/TIH) ishlab chiqish va moslashtirish ishlarini amalga oshiradi, shunugdek iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlari geologiya, yoqilg‘i-energetika kompleksi, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati sohasidagi (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 19-apreldagi “Neft-gaz tarmog‘idagi loyiha ishlarini tashkil etish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi PQ-2901-sonli qarori talablariga muvofiq neft-gaz tarmoqlari bundan mustasno) loyihalarning loyiha (ishchi) hujjatlarini ishlab chiqadi va texnik kuzatuvini olib boradi.

3. Institut o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, ushbu Nizom va boshqa normativ hujjatlariga amal qiladi.

4. Institut davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri bo‘lgan va davlat tilida o‘z nomi aks ettirilgan muhrga ega bo‘ladi hamda o‘z faoliyati yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadi.

5. Institut faoliyatini nazorat qilib borish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining investitsiyalar, innovatsion rivojlantirish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish, turizm masalalari kompleksiga yuklatiladi.

6. Institut mustaqil balansga, bank hisob varaqlari, shu jumladan, valyuta hisob varaqlariga, to‘liq operativ boshqaruv huquqi asosidagi alohida mulkka ega bo‘lib, o‘z majburiyatlari bo‘yicha o‘ziga tegishli mulk bilan javob beradi, o‘z nomidan mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarini olishi va amalga oshirishi mumkin, o‘z zimmasiga mas’uliyatlarni olishi, sudlarda da’vogar va javobgar bo‘lishi mumkin. 

2-bob. Institutning asosiy vazifa va funksiyalari

7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 martdagi “Iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlarida loyiha ishlari samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2831-sonli qaroriga muvofiq Institutning asosiy vazifalari bo‘lib quyidagilar hisoblanadi:

  • loyihaoldi hujjatlarini ishlab chiqish, shu jumladan, xorijiy loyiha tashkilotlari tomonidan ishlab chiqilgan loyihaoldi hujjatlarni O‘zbekiston Respublikasi standartlari va texnik tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga moslashtirish;
  • loyihalarini texnik jihatdan kuzatib borish, tender savdolari tashabbuskorlari bilan birgalikda iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlari (loyihalashtirishga doir qismda) tender savdolarini o‘tkazish va ularni kuzatib borish;
  • iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlarini tarkibiy yangilash konsepsiyalarini, tarmoq idoralari tomonidan ishlab chiqilgan geologiya, yoqilg‘i-energetika kompleksi, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati obyektlarini modernizatsiya va texnik rekonstruksiya qilinishini ko‘rib chiqish va kelishuvini amalga oshirish;
  • iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlari korxonalarini qurish va modernizatsiya qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish Davlat dasturiga kiritish uchun taqdim etilgan investitsiya loyihalarini ko‘rib chiqishda ishtirok etish;
  • loyihalashtirish jarayonlariga xorijiy loyiha va injiniring tashkilotlarini jalb etgan holda, ilg‘or chet el tajribasiga asoslangan loyiha ishlarini tashkil etishning zamonaviy usullarini joriy etish;
  • investitsiya loyihalarining loyiha (ishchi) hujjatlarini mustaqil ishlab chiqish yo‘nalishini rivojlantirish, shuningdek, keyinchalik bosh pudratchi funksiyalarini o‘z zimmasiga olgan holda, iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlari loyihalari bo‘yicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqishda xorijiy loyiha tashkilotlari tomonidan ishlab chiqilgan loyiha (ishchi) hujjatlarini moslashtirish;
  • investitsiya loyihalarining texnik-iqtisodiy asoslanishini aniq ishlab chiqish uchun subpudratchilar sifatida xorijiy ixtisoslashtirilgan loyiha institutlarini hamda yetakchi mutaxassislarni tanlov (tender) asosda jalb etish, shuningdek, ularning ishlarini muvofiqlashtirishni amalga oshirish;
  • ishlab chiqarilayotgan mahsulotning yuqori samaradorligi va sifati, energiya hamda resurs tejamkorligi, shuningdek, ekologiya standartlarining zamonaviy talablariga javob beruvchi ilg‘or texnologiya va asbob-uskunalar jahon bozorini chuqur tahlil qilishni amalga oshirish, respublikaga istiqbolsiz, ma’naviy va jismoniy eskirgan asbob-uskuna va texnologiyalar olib kirilishini istisno qilish;
  • loyihalashtirishni amalga oshirishda ilg‘or yuqori texnologiyali, energiya tejamkor asbob-uskunalar va texnologiyalarni tanlab olish;
  • loyiha, loyihaoldi hamda ishchi hujjatlarini ishlab chiqish va tasdiqlash qismida iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlari ilmiy-texnika va ekspert kengashlari bilan uzviy hamkorlik qilish;
  • xorijda ishlab chiqarilayotgan zamonaviy asbob-uskunalar va texnologiyalar, ularning texnika va ishlab chiqarish-iqtisodiy xarakteristikalari, samaradorligi va amaliyotda sinovdan o‘tganlik darajasi, shuningdek, yuqori texnologiyali asbob-uskunalarning asosiy xorijiy ishlab chiqaruvchilari va yetkazib beruvchilari hamda faoliyat turi bo‘yicha texnologiyalarni ishlab chiqaruvchi va litsenziarlar to‘g‘risida axborot-tahliliy ma’lumotlar bazasini shakllantirish va doimiy yangilab borish;
  • sanoat korxonalarini qurish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilish bo‘yicha xorijiy investorlar va kompaniyalardan kelib tushayotgan ma’lumotlarni yig‘ish va umumlashtirish hamda mahalliy xom ashyoni qayta ishlash yo‘li orqali jahon va ichki bozorlarda yuqori talabga ega raqobatbardosh tayyor mahsulot va yarim tayyor sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishda ishtirok etish;
  • asosiy texnologiya asbob-uskunalariga bo‘lgan chelangan narxlar parametrlari, shuningdek, taklif etilayotgan texnologiyalarga muvofiq “tayyor holda topshirish” loyihalarining qiymati bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish;
  • vazirliklar, idoralar, xo‘jalik boshqaruvi organlari buyurtmasi bo‘yicha iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlari investitsiya loyihalarining mustaqil texnika-iqtisodiy ekspertizasini o‘tkazish.

8. Institut yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi: 

  • bosh pudratchi sifatida – iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlarida investitsiya loyihalari bo‘yicha loyihaoldi hujjatlarini ishlab chiqish va moslashtirishni amalga oshiradi;
  • loyihaoldi hujjatlarini tayyorlash ishlarining borishi hamda loyiha tashabbuskorlari bo‘lgan tarmoq idoralaridan, shu jumladan, geologiya, yoqilg‘i-energetika kompleksi, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati sohasi idoralaridan olingan ma’lumotlar asosida Hukumatning tegishli qarorlari bilan tasdiqlanadigan loyihalarning amalga oshirilishi ustidan monitoringni amalga oshiradi;
  • chet el investorlari va kompaniyalaridan sanoat korxonalarini qurish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilish bo‘yicha kelib tushayotgan takliflar bo‘yicha axborotni (shu jumladan iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlari loyihalarining tashabbuskorlari bo‘lmish soha idoralarining axborotlari asosida) jamlash va umumlashtirishni amalga oshiradi; 
  • jahon va ichki bozorlarda talab yuqori bo‘lgan mahalliy xom ashyoni qayta ishlash yo‘li bilan raqobatbardosh tayyor mahsulotlar va sanoat yarimfabrikatlarni chiqarishga yo‘naltirilgan yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqishda ishtirok etadi; 
  • soha idoralari tomonidan ishlab chiqilgan iqtisodiyotning bazaviy sohalarida tuzilmaviy yangilanish konsepsiyalarini, geologiya, yoqilg‘i-energetika kompleksi, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati obyektlarini modernizatsiya va texnik rekonstruksiya qilishni ko‘rib chiqish va tasdiqlashda hamda iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlari korxonalarini qurish va modernizatsiya qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish dasturiga kiritish uchun taqdim etilgan investitsiya loyihalarini ko‘rib chiqishda ishtirok etadi;
  • o‘z mutaxassislari va muhandislarining O‘zbekiston Respublikasida bo‘lganidek, chet elda ham o‘qitish va malakasini oshirishni tashkillashtiradi, hamda buning uchun mahalliy va xorijiy loyihalashtirish va injiniring kompaniyalarining yetakchi mutaxassislarini jalb qiladi;
  • loyiha faoliyatiga investitsiya loyihalari bo‘yicha loyiha (ishchi) hujjatlarini mustaqil ishlab chiqilishi yo‘nalishini rivojlantirishga, shuningdek, xorijiy loyiha tashkilotlari tomonidan ishlab chiqilgan loyiha (ishchi) hujjatlarini moslashtirishga yo‘naltirilgan ilg‘or xorijiy tajribaga asoslangan zamonaviy loyihalash metodologiyasini joriy etadi;
  • xorijiy va mahalliy davriy obuna nashrlar va kataloglari asosida ma'lumotlarini to‘playdi va zamonaviy energiya tejamkor asbob-uskunalar, ishlab chiqaruvchilar va texnologik litsenzirlar bo‘yicha ma’lumotlar bazasini shakllantiradi, keyinchalik iqtisodiyotning bazaviy sohalari ob’ektlarini loyihalashda foydalanish maqsadida ilg‘or texnologiyalar bozorini tahlil qiladi;
  • iqtisodiyotning asosiy tarmoqlari vazirliklari, idoralari, xo‘jalik boshqaruvi organlarining buyurtmasiga asosan investitsiya loyihalarining mustaqil texnika-iqtisodiy ekspertizasini amalga oshiradi, shuningdek, asosiy texnologiya asbob-uskunalarga bo‘lgan cheklangan narxlar parametrlari va taklif etilayotgan texnologiyalarga muvofiq “tayyor holda topshirish” loyihalarining qiymati bo‘yicha tavsiylar beradi;
  • qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.

3-bob. Institutning huquq va javobgarligi

9. Institut quyidagi huquqlarga ega: 

  • vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlardan Institutga yuklangan vazifa va funktsiyalarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni, statistika, tahliliy va boshqa ma'lumotlarni belgilangan tartibda bepul asosda so‘rash va olish;
  • Institutga yuklangan vazifalar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish maqsadida loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqishda, shuningdek, xorijiy loyiha tashkilotlari tomonidan ishlab chiqilgan loyihalarni moslashtirishda, istisno tariqasida, ishning muayyan turlarini amalga oshirish uchun mahalliy ixtisoslashtirilgan loyihalash tashkilotlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri subpudrat shartnomalarini tuzish, shuningdek, xorijiy loyihalar va injiniring tashkilotlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalarni tuzish;
  • belgilangan tartibda tasdiqlangan va loyihaoldi hujjatlarini ishlab chiqish uchun taqdim etiladigan texnik topshiriqlardagi parametrlarning energiya samaradorligi, loyihalardagi texnika va asbob-uskunalardan o‘z vaqtida foydalanish talablariga mos kelmasligi taqdirda – kamchiliklarini bartaraf etish uchun ularni mijozlarga qaytarish;
  • amalga oshiriladigan faoliyat doirasida loyihalash tashkilotlari, vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlardan, shuningdek, chet eldan yuqori malakali mutaxassislarni maslahatchilar va ekspertlar sifatida jalb qilish;
  • o‘z xodimlarini yetakchi mahalliy loyiha institutlari va injiniring kompaniyalarining chet eldagi o‘quv markazlariga o‘qitish va stajorovkadan o‘tish uchun yo‘llash, shuningdek, malakasini oshirish maqsadida sanoat korxonalariga yo‘llash;
  • Institut negizida o‘z xodimlari uchun ta’lim va malaka oshirish uchun, shuningdek, shartnoma asosida boshqa tashkilotlar mutaxassislari uchun ta’lim va malalka oshirish kurslarini tashkil qilish;
  • loyiha tashkilotlari ishtirokida iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlari investitsiya va infratuzilma loyihalarining loyihaoldi hujjatlarni o‘z vaqtida va sifatli ishlab chiqish, moslashtirish, shuningdek, o‘z vaqtida ilgari surilishini ta’minlash masalalari yuzasidan yig‘ilishlar o‘tkazish;
  • Institutga yuklangan vazifalarni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan marketing tadqiqotlarini o‘tkazish, konsalting va boshqa xizmatlarni shartnoma asosida ko‘rsatish;
  • strategik ahamiyatga ega loyihalar bo‘yicha loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda vaqtinchalik, shuningdek, shartnoma asosida, ishchi guruhlarini tashkil qilish;
  • belgilangan tartibda nashriyot faoliyatini amalga oshirish, axborot materiallarini, davriy nashrlar va boshqa bosma materiallarni nashr etish va tarqatishni amalga oshirish;
  • tarmoq vazirliklari va idoralari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat rivojlanish dasturini shakllantirishda loyihalarning texnik-iqtisodiy parametrlarini muvofiqlashtirish, shuningdek, yaqin va uzoq muddatli istiqbolda iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish dasturlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha takliflarni qo‘rib chiqishda ishtirok etish va takliflar kiritish;
  • konsorsiumlar tashkil etish yoki konsorsiumlarda ishtirok etish, shuningdek, yetakchi mahalliy va xorijiy injiniring kompaniyalari bilan hamkorlikda iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlari loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish uchun qo‘shma korxonalarini tashkil etish, shuningdek, o‘z shu’ba korxonalari va filiallarini tashkil etish;
  • iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlari ob'ektlarini loyihalash va qurilishi sohasida mavjud me'yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha takliflar va tavsiyalar berish;
  • zarurat bo‘lganda, iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlari ob’ektlarini loyihalashda, shuningdek, loyihalarni moslashtirishda xorijiy buyurtmachilar va investorlarning buyurtmalari asosida haqmda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Respublikasining texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi qurilish me’yorlari va standartlari bilan muvofiqlashtirmasdan turib xorijiy va xalqaro standartlar va normativlarini qo‘llash;
  • xalqaro moliya institutlari (keyingi o‘rinlarda – XMI) tomonidan moliyalanadigan investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun maslahatchi sifatida jalb qilinadigan kompaniyalar va mutaxassislarni monitoring qilib borish, iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlaridagi investitsiya loyihalarni amalga oshirish qismida XMI qoidalari va talablari doirasida texnika-iqtisodiy asoslanishlarni (keyingi o‘rinlarda - TIA) ishlab chiqish va hisobotlarni tayyorlash, boshqarish va nazorat qilish uchun xalqaro maslahatchilarini tanlab olish xizmatlarini amalga oshirish;
  • bosh pudratchi, konsorsium a’zosi yoki subpudratchi sifatida TIA ishlab chiqish va hisobotlarni tayyorlash xizmatlarini ko‘rsatish uchun xalqaro maslahatchisini aniqlash bo‘yicha tender savdolarida ishtirok etish;
  • tender savdolarini tashkil etish va o‘tkazishda tender va loyiha hujjatlarining tarkibi bo‘yicha maslahatlar berish;
  • Institutning sifat menejmenti tizimini (keyingi o‘rinlarda – SMT) sertifikatlashtirish organlari tomonidan sertifikatlash auditlarini o‘tkazish uchun zarur mablag‘larni ajratish, maslahatchilik yordamini ko‘rsatish uchun maslahatchilarni jalb etish, shuningdek, Institutda SMT ni faol holatida saqlash va takomillashtirish uchun mas'ul xodimlarni moddiy rag‘batlantirish orqali rivojlantirish va takomillashtirish;
  • istisno tariqasida, ishlab chiqaruvchilar yoki ularning rasmiy dilerlari bilan tuzilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha har qanday murakkablik darajasidagi loyihalash ishlarini bajarish uchun zarur bo‘lgan litsenziyalangan dasturlarni va tizimlarni, shuningdek, kerakli asbob-uskunalarni xarid qilish;
  • Institut rivojlanishini ta'minlash maqsadida xalqaro moliya institutlari va donor tashkilotlarning grantlarini jalb qilish;
  • vakolatli organlar va tashkilotlar bilan birgalikda xavfsizlik va mehnatni muhofaza qilish va boshqa standartlar bo‘yicha xalqaro standartlar tizimlarini joriy etish;
  • ixtisoslashtirilgan tashkilotlar bilan birgalikda forumlar, shu jumladan, xalqaro forumlarini tashkillashtirish, shuningdek, O‘zbekiston bozorida va xorijda o‘z xizmatlarini ilgari surish maqsadida xalqaro forumlar, ko‘rgazmalar va anjumanlarda ishtirok etish;
  • Institut binosini belgilangan tartibda ijaraga berish.

Institut qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin. 

10. Institut o‘ziga yuklangan vazifa va funksiyalar samarali bajarilishi uchun javob beradi. 

4-bob.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 24 maydagi «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kichini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida»gi PF-5447-sonli farmoni bilan chiqarib tashlangan. 

5-bob. Institut tuzilmasi

15. Institutning ishlab chiqarish jarayonlarida mashg‘ul bo‘lgan asosiy tarkibiy bo‘linmalari quyidagilardan iborat: 

  • loyihaning bosh muhandislari tomonidan boshqariladigan tarmoq byurolari;
  • loyihaning bosh arxitektori byurosi;
  • bazaviy tarmoqlarni rivojlantirish istiqbollari bo‘limi;
  • ilmiy-texnik va axborot-tahliliy ishlanmalar bo‘limi;
  • axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘limi;
  • loyihalarni amalga oshirishni muvofiqlashtirish va monitoring qilish hamda loyiha hujjatlari ekspertizasi guruhi;
  • ilg‘or texnologiyalar va jihozlar ma’lumotlar bazasini shakllantirish bo‘yicha axborot-tahlil bo‘limi;
  • tanlov savdolarini tashkillashtirish va o‘tkazish bo‘limi;
  • smeta ishlari bo‘limi;
  • loyihalarni chiqarish bo‘limi;
  • moliyaviy-shartnomaviy bo‘lim;
  • loyihalarni moliyaviy-iqtisodiy tahlil qilish bo‘limi.

6-bob. Institut faoliyatini tashkil etish

16. Institutga direktor rahbarlik qiladi. 

Direktor Vazirlar Mahkamasining Hududlar va kommunal sohasi, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari bo‘yicha kompleksi rahbarining taqdimnomasiga muvofiq Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

Institut direktorining o‘rinbosarlari Institut direktorining taqdimnomasiga muvofiq Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

Institut direktori maqomiga ko‘ra vazir o‘rinbosariga teqnglashtiriladi.

7-bob. Yakuniy holat

17. Institutni qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech