Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI

JISMONIY VA YURIDIK SHAXSLARNING MUROJAATLARI TO'G'RISIDA

(O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to'plami, 2014 y., 49-son, 578-modda)

Qonunchilik palatasi tomonidan 2014 yil 29 oktyabrda qabul qilingan

Senat tomonidan 2014 yil 13 noyabrda ma'qullangan

1-bob. Umumiy qoidalar

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi davlat organlari va davlat muassasalariga (bundan buyon matnda davlat organlari deb yuritiladi) jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari (bundan buyon matnda murojaatlar deb yuritiladi) sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2-modda.  Murojaatlar to'g'risidagi qonun hujjatlari

Murojaatlar to'g'risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

Fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlariga murojaatlar sohasidagi munosabatlar ushbu Qonunda belgilangan tarzda tartibga solinadi.

Ushbu Qonunning amal qilishi:

ko'rib chiqish tartibi ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi, fuqarolik protsessual, jinoyat-protsessual, jinoyat-ijroiya, xo'jalik protsessual qonun hujjatlari va boshqa qonunlar bilan belgilangan murojaatlarga;

Protsessual qonunchilik va boshqa qonunchilik normalarida murojaatlarni ko'rib chiqishga oid alohida tartib nazarda tutilgan bo'lishi mumkin. Masalan, O'zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksining 82-moddasiga  ko'ra, mahkumning chetga chiqishga ruxsat so'rab yozgan arizasini muassasa ma'muriyati bir sutka ichida ko'rib chiqadi yoki davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to'g'risida axborot olishga doir so'rovlar O'zbekiston Respublikasining «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to'g'risida»gi qonunida belgilangan tartibda ko'rib chiqiladi.

Davlat organlarining, shuningdek ular tarkibiy bo'linmalarining o'zaro yozishmalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

3-modda.  Murojaat etish huquqi

Jismoniy va yuridik shaxslar davlat organlariga murojaat etish huquqiga ega.

Murojaat etish huquqi ixtiyoriy amalga oshiriladi. Hech kim biron-bir murojaatni himoya qilishga yoxud unga qarshi qaratilgan harakatlarda ishtirok etishga majbur qilinishi mumkin emas.

Murojaat etish huquqining amalga oshirilishi boshqa jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini, erkinliklarini hamda qonuniy manfaatlarini, shuningdek jamiyat va davlat manfaatlarini buzmasligi kerak.

Xorijiy davlatlarning jismoniy va yuridik shaxslari, fuqaroligi bo'lmagan shaxslar O'zbekiston Respublikasi davlat organlariga ushbu Qonunga muvofiq murojaat etish huquqiga ega.

4-modda.  Murojaatlarning shakllari

Murojaatlar og'zaki, yozma yoxud elektron shaklda bo'lishi mumkin.

5-modda.  Murojaatlarning turlari

Murojaatlar arizalar, takliflar va shikoyatlar tarzida bo'lishi mumkin.

 Ariza - huquqlarni, erkinliklarni va qonuniy manfaatlarni amalga oshirishda yordam ko'rsatish to'g'risidagi iltimos bayon etilgan murojaat.

Taklif - davlat va jamiyat faoliyatini takomillashtirishga doir tavsiyalarni o'z ichiga olgan murojaat.

Shikoyat - buzilgan huquqlarni, erkinliklarni tiklash va qonuniy manfaatlarni himoya qilish to'g'risidagi talab bayon etilgan murojaat.

Murojaatlar, ularning turi va shaklidan qat'i nazar, bir xil ahamiyatga ega.

6-modda.  Murojaatlarga qo'yiladigan talablar

Jismoniy shaxsning murojaatida jismoniy shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi to'g'risidagi ma'lumotlar ko'rsatilgan va murojaatning mohiyati bayon etilgan bo'lishi kerak.

Yuridik shaxsning murojaatida yuridik shaxsning to'liq nomi, uning joylashgan yeri (pochta manzili) to'g'risidagi ma'lumotlar ko'rsatilgan va murojaatning mohiyati bayon etilgan bo'lishi kerak.

Murojaatlar davlat tilida va boshqa tillarda berilishi mumkin.

Yozma murojaat murojaat etuvchi jismoniy shaxsning imzosi yoki murojaat etuvchi yuridik shaxs rahbarining yoxud vakolatli shaxsining imzosi bilan tasdiqlangan bo'lishi lozim. Jismoniy shaxsning yozma murojaatini murojaat etuvchining imzosi bilan tasdiqlash imkoni bo'lmagan taqdirda, bu murojaat uni yozib bergan shaxsning imzosi bilan tasdiqlanib, uning familiyasi (ismi, otasining ismi) ham qo'shimcha ravishda yozib qo'yilishi kerak.

Elektron murojaat elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan va elektron hujjatning uni identifikatsiya qilish imkoniyatini beradigan boshqa rekvizitlariga ega bo'lgan elektron hujjat shaklida bo'lishi kerak. Elektron murojaat qonunda belgilangan talablarga muvofiq bo'lishi kerak.

Jismoniy shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi to'g'risidagi ma'lumotlar yoki yuridik shaxsning to'liq nomi, uning joylashgan yeri (pochta manzili) to'g'risidagi ma'lumotlar ko'rsatilmagan yoxud ular haqida yolg'on ma'lumotlar ko'rsatilgan, shuningdek imzo (elektron raqamli imzo) bilan tasdiqlanmagan murojaatlar anonim murojaatlar deb hisoblanadi.

Murojaat etuvchi jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari orqali berilgan murojaatlarga ularning vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.

7-modda.  Murojaatlar va ommaviy axborot vositalari

Davlat organlariga ommaviy axborot vositalari tahririyatlaridan kelib tushgan murojaatlar ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda ko'rib chiqiladi.

Ommaviy axborot vositalariga yo'llangan murojaatlardan ommaviy axborot vositalari to'g'risidagi qonun hujjatlariga muvofiq jamoatchilik fikrini o'rganish va aks ettirish uchun foydalanilishi mumkin.

8-modda.  Jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish

Davlat organlarida jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish tashkil etiladi. Jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish davlat organining rahbari yoxud boshqa vakolatli shaxs tomonidan amalga oshiriladi. Buning uchun davlat organlarida maxsus tarkibiy bo'linmalar tashkil etilishi mumkin, qabul uchun mas'ul bo'lgan mansabdor shaxslar belgilanadi.

Jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish belgilangan kun va soatlarda, qabul qilish jadvallariga muvofiq o'tkaziladi.

Qabul qilish jadvallari va uni o'tkazish vaqti, joyi hamda qabulga oldindan yozilish to'g'risidagi axborot, shuningdek qabul qilish tartibi davlat organlarining rasmiy veb-saytlarida e'lon qilish, shuningdek ularning ma'muriy binosida hamma kirishi mumkin bo'lgan joylardagi stendlarga yoki boshqa texnik vositalarga joylashtirish orqali manfaatdor shaxslar e'tiboriga yetkaziladi.

Jismoniy shaxs og'zaki murojaat etayotganda o'z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni, yuridik shaxsning vakili esa o'z vakolatlarini tasdiqlaydigan hujjatni, shuningdek o'z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko'rsatishi kerak.

Jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish, agar ularning shunday xususiyatga ega bo'lgan ilgarigi murojaati bo'yicha qaror qabul qilingan bo'lsa va bu haqda ularga ushbu Qonunda belgilangan tartibda xabar qilingan bo'lsa, rad etilishi mumkin.

Davlat organlarida jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish tartibi mazkur organlar rahbarlari tomonidan belgilanadi.

Davlat organlarining shaxsiy qabulni o'tkazuvchi rahbarlari yoki boshqa vakolatli shaxslari har qanday masalalar, shu jumladan o'z vakolatlariga kirmaydigan masalalar bo'yicha murojaat etilganda qabulni rad etishga haqli emas, ushbu moddaning beshinchi qismida  nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Agar shaxsiy qabul davomida bayon etilgan masalalarni hal etish davlat organining vakolatlariga kirmasa, tegishli mansabdor yoki boshqa vakolatli shaxslar murojaat etuvchiga murojaatda bayon etilgan masalalarni hal etish uchun qaysi organga yoki tashkilotga murojaat qilish lozimligini tushuntirishi kerak.

Shaxsiy qabul davomida davlat organining rahbari qaroriga ko'ra hamda murojaat etuvchining yozma roziligi bilan maxsus texnika vositalari (audio- va video yozuv, shuningdek fotosuratga olish) qo'llanilishi mumkin.

Davlat organlarining rahbarlari yoki boshqa vakolatli shaxslari tomonidan sayyor shaxsiy qabullar tashkil etilishi mumkin.

9-modda.  Murojaatlar bo'yicha ish yuritish

Davlat organlarida murojaatlar bo'yicha ish yuritish qonun hujjatlarida  belgilangan tartibda olib boriladi.

2-bob. Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaat etish huquqlarining kafolatlari

10-modda.  Murojaat etish huquqidan foydalanilayotganda kamsitishga yo'l qo'yilmasligi

Murojaat etish huquqidan foydalanilayotganda jismoniy shaxsning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeiga, shuningdek yuridik shaxslarning mulk shakli, joylashgan yeri (pochta manzili), tashkiliy-huquqiy shakllariga va boshqa holatlariga qarab kamsitishga yo'l qo'yilmaydi.

11-modda.  Murojaat etish huquqini amalga oshirishning kafolatlari

Jismoniy va yuridik shaxslarga davlat organlariga yakka tartibda yoki jamoa bo'lib murojaat etish huquqi kafolatlanadi.

12-modda.  Murojaat etilganda huquqlar, erkinliklar va qonuniy manfaatlarga rioya etilishining kafolatlari

Davlat organlari murojaatlarni ko'rib chiqishda O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari talablariga rioya etishi, ularning to'liq, xolisona va o'z vaqtida ko'rib chiqilishi uchun choralar ko'rishi, jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari, erkinliklari tiklanishini hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta'minlash bo'yicha o'z vakolatlari doirasida choralar ko'rishi shart.

13-modda.  Murojaatlarni qabul qilish va ko'rib chiqish kafolatlari

Murojaatlar davlat organlari tomonidan qabul qilinishi va ko'rib chiqilishi shart, ushbu Qonunning 20-moddasida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Jismoniy yoki yuridik shaxs murojaatni qabul qilish va ko'rib chiqish qonunga xilof ravishda rad etilganligi ustidan bo'ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoxud bevosita sudga shikoyat qilishga haqli.

14-modda.  Murojaatlar munosabati bilan ayon bo'lib qolgan ma'lumotlarning oshkor etilmasligi kafolatlari

Murojaatlarni ko'rib chiqishda jismoniy shaxslarning shaxsiy hayoti, yuridik shaxslarning faoliyati to'g'risidagi ma'lumotlar ularning roziligisiz, shuningdek davlat sirini yoxud qonun bilan qo'riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma'lumotlar va, agar bu jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini kamsitadigan bo'lsa, boshqa axborot davlat organlari xodimlari tomonidan oshkor etilishiga yo'l qo'yilmaydi.

Jismoniy va yuridik shaxs to'g'risidagi, murojaatga taalluqli bo'lmagan ma'lumotlarni aniqlashga yo'l qo'yilmaydi.

Jismoniy shaxsning iltimosiga ko'ra uning shaxsiga doir biron-bir ma'lumot oshkor etilmasligi kerak.

15-modda.  Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari munosabati bilan ularning xavfsizligi kafolatlari

Jismoniy shaxsni, uning vakilini, ularning oila a'zolarini, yuridik shaxsni, uning vakilini va yuridik shaxs vakilining oila a'zolarini ular o'z huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ro'yobga chiqarish yoki himoya qilish maqsadida davlat organlariga murojaat etganligi, shuningdek murojaatlarda o'z fikrini bildirganligi va tanqid qilganligi munosabati bilan ta'qib etish man etiladi.

3-bob. Murojaatlarni berish va ularni ko'rib chiqish tartibi

16-modda.  Murojaatlarni berish tartibi

Murojaatlar ularda qo'yilgan masalalarni hal etish o'z vakolati doirasiga kiradigan davlat organiga bevosita yoxud bo'ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga beriladi.

Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatni mustaqil ravishda berishga, shuningdek bu boradagi vakolatni o'z vakiliga berishga yoxud murojaatni pochta aloqasi vositalari orqali yoki elektron shaklda yuborishga haqli. Voyaga yetmaganlar, muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan shaxslarning manfaatlarini ko'zlab, murojaatlar ularning qonuniy vakillari tomonidan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda berilishi mumkin.

Murojaatga u bo'yicha ilgari qabul qilingan mavjud qarorlar yoki ularning ko'chirma nusxalari, shuningdek uni ko'rib chiqish uchun zarur bo'lgan boshqa hujjatlar ilova qilinishi mumkin, mazkur hujjatlar qaytarilmaydi, murojaat etuvchi ularni qaytarish haqida yozma ariza bergan hollar bundan mustasno. Murojaat taalluqliligi bo'yicha boshqa davlat organiga yuborilganda, unga ko'rsatib o'tilgan hujjatlar ilova qilinishi kerak.

17-modda.  Murojaatlarni berish muddatlari

Murojaatlarni berish muddatlari, qoida tariqasida, belgilanmaydi. Ayrim hollarda, agar davlat organining murojaatni ko'rib chiqish bo'yicha imkoniyatlariga, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini o'z vaqtida amalga oshirish va himoya qilishni ta'minlash zaruratiga bog'liq bo'lsa, shuningdek qonunlarda nazarda tutilgan boshqa asoslarga ko'ra tegishli davlat organlariga murojaatni berish muddati belgilanishi mumkin.

Bo'ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga ariza yoki shikoyat jismoniy yoki yuridik shaxsga uning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini buzuvchi harakat (harakatsizlik) sodir etilganligi yoxud qaror qabul qilinganligi ma'lum bo'lgan paytdan e'tiboran uzog'i bilan bir yildan kechiktirmay beriladi.

Ariza yoki shikoyat berishning uzrli sabablarga ko'ra o'tkazib yuborilgan muddati arizani yoki shikoyatni ko'rib chiquvchi davlat organi tomonidan tiklanadi.

18-modda.  Murojaatlarni ko'rib chiqish tartibi

Davlat organiga kelib tushgan murojaatlar shu organ tomonidan yoki uning murojaatlarni ko'rib chiqish bo'yicha majburiyatlar zimmasiga yuklatilgan mansabdor shaxsi tomonidan ko'rib chiqiladi.

Qo'yilgan masalalarni hal etish o'zining vakolat doirasiga kirmaydigan davlat organiga kelib tushgan murojaatlar besh kunlik muddatdan kechiktirmay tegishli organlarga yuborilib, bu haqda murojaat etuvchiga yozma yoxud elektron shaklda xabar qilinadi.

Murojaatlarni ko'rib chiqish uchun asossiz ravishda boshqa davlat organlariga o'tkazish yoxud qarorlari yoki harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilinayotgan organlarga yoki mansabdor shaxslarga yuborish taqiqlanadi.

Agar murojaatlarda ularni tegishli organlarga yuborish uchun zarur ma'lumotlar mavjud bo'lmasa, bu murojaatlar murojaat etuvchiga besh kunlik muddatdan kechiktirmay asoslantirilgan tushuntirish bilan qaytariladi.

Murojaatni to'liq, xolisona va o'z vaqtida ko'rib chiqish uchun qo'shimcha ma'lumotlar, ma'lumotnomalar va materiallarga zarurat paydo bo'lgan taqdirda, mazkur murojaatni ko'rib chiqayotgan davlat organining mansabdor shaxsi murojaat etgan jismoniy yoki yuridik shaxsdan, shuningdek o'z vakolatlari doirasida boshqa davlat organlaridan qo'shimcha axborotni so'rab olishi mumkin. Agar axborot davlat sirini yoki qonun bilan qo'riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma'lumotlarni o'z ichiga olgan bo'lmasa, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlariga, jamiyat va davlat manfaatlariga zarar yetkazmasa, davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari o'zlaridan so'ralayotgan axborotni o'n kun ichida taqdim etishi shart.

Murojaatni ko'rib chiqayotgan davlat organi, zarur hollarda, murojaat joyning o'ziga borib ko'rib chiqilishini ta'minlashi mumkin.

Murojaat etuvchi yoki boshqa shaxs yo'qligida murojaatni ko'rib chiqish imkoni bo'lmasa, ular davlat organining mansabdor shaxsi tomonidan chaqirilishi mumkin. Chaqirilgan murojaat etuvchi kelmagan taqdirda davlat organining mansabdor shaxsi murojaatni uning ishtirokisiz ko'rib chiqish imkoni yo'qligi haqida javob yuboradi.

Murojaatga javobni davlat organining rahbari yoki boshqa vakolatli mansabdor shaxsi imzolaydi.

Agar murojaatda qo'yilgan masalalar xo'jalik yurituvchi sub'ektlar faoliyatiga daxldor bo'lsa, ularning vakillari murojaatni ko'rib chiqishda ishtirok etish uchun davlat organlari tomonidan o'z vakolatlari doirasida jalb etiladi.

Agar murojaatni ko'rib chiqishda xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning faoliyatini tekshirish, shu jumladan moliyaviy-xo'jalik faoliyatini tekshirish (taftish qilish) zarurati yuzaga kelsa, tekshirish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

Jismoniy va yuridik shaxslar o'z murojaatlarini ular ko'rib chiqilguniga qadar va ko'rib chiqilayotgan vaqtda murojaat yuzasidan qaror qabul qilinguniga qadar yozma yoxud elektron shaklda ariza berish orqali qaytarib olish huquqiga ega.

Murojaatni qaytarib olish haqidagi ariza davlat organlari tomonidan qonun buzilishlarini aniqlash va bartaraf etish bo'yicha choralar ko'rilishini istisno etmaydi.

19-modda.  Murojaatlarni ko'rib chiqish muddatlari

Ariza yoki shikoyat masalani mazmunan hal etishi shart bo'lgan davlat organiga kelib tushgan kundan e'tiboran o'n besh kun ichida, qo'shimcha o'rganish va (yoki) tekshirish, qo'shimcha hujjatlarni so'rab olish talab etilganda esa bir oygacha bo'lgan muddatda ko'rib chiqiladi.

Ariza va shikoyatlarni ko'rib chiqish uchun tekshirish o'tkazish, qo'shimcha materiallar so'rab olish yoxud boshqa chora-tadbirlar ko'rish zarur bo'lgan hollarda, ularni ko'rib chiqish muddatlari tegishli davlat organi rahbari tomonidan istisno tariqasida uzog'i bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin, bu haqda murojaat etuvchiga xabar qilinadi.

Taklif davlat organiga kelib tushgan kundan e'tiboran bir oygacha bo'lgan muddatda ko'rib chiqiladi, qo'shimcha o'rganishni talab etadigan takliflar bundan mustasno, bu haqda taklifni kiritgan jismoniy yoki yuridik shaxsga o'n kunlik muddatda yozma shaklda xabar qilinadi.

20-modda.  Murojaatlarni ko'rmay qoldirish

Quyidagi murojaatlar ko'rib chiqilmaydi:

anonim murojaatlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari orqali berilgan murojaatlar, ularning vakolatini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo'lmagan taqdirda;

qonunda belgilangan boshqa talablarga muvofiq bo'lmagan murojaatlar.

 

4-bob. Murojaatlarni ko'rib chiqishda jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari hamda davlat organlarining majburiyatlari

21-modda.  Murojaatlarni ko'rib chiqishda jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari

Murojaat davlat organlari tomonidan ko'rib chiqilayotganda jismoniy va yuridik shaxs murojaat ko'rib chiqilishining borishi haqida axborot olish, shaxsan vajlarini bayon etish va tushuntirishlar berish, murojaatni tekshirish materiallari hamda uni ko'rib chiqish natijalari bilan tanishish, qo'shimcha materiallar taqdim etish yoki ularni boshqa organlardan so'rab olish to'g'risida iltimos qilish, advokat yordamidan foydalanish huquqiga ega.

Murojaatni ko'rib chiqayotgan davlat organlarining mansabdor yoki boshqa vakolatli shaxslari jismoniy va yuridik shaxsga ularning huquqlariga, erkinliklariga hamda qonuniy manfaatlariga daxldor hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan, agar ularda davlat sirini yoki qonun bilan qo'riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma'lumotlar mavjud bo'lmasa, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlariga, erkinliklariga hamda qonuniy manfaatlariga, jamiyat va davlat manfaatlariga zarar yetkazmasa, tanishib chiqish imkoniyatini ta'minlashi shart.

22-modda.  Murojaatlarni ko'rib chiqishda qo'llaniladigan chora-tadbirlar

Davlat organlari murojaatlarni ko'rib chiqishda qonunga xilof harakatlarga (harakatsizlikka) barham berishga doir chora-tadbirlarni darhol ko'rishi, o'z vakolatlari doirasida jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari buzilishiga olib kelayotgan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlashi, murojaat etganligi munosabati bilan jismoniy shaxs, uning vakili, ularning oila a'zolari, yuridik shaxs, uning vakili va yuridik shaxs vakilining oila a'zolari ta'qib qilinishiga belgilangan tartibda barham berishi shart.

23-modda.  Murojaatni ko'rib chiqqan davlat organining majburiyatlari

Murojaatni ko'rib chiqqan davlat organi murojaat etuvchiga ko'rib chiqish natijalari hamda qabul qilingan qaror haqida murojaat ko'rib chiqilganidan so'ng yozma yoxud elektron shaklda darhol xabar qilishi shart.

Murojaatlarga javoblar, mumkin qadar, murojaat etilgan tilda bayon qilinadi, murojaatda ko'rsatilgan har bir masala bo'yicha vajlarni rad etuvchi yoki tasdiqlovchi aniq asoslarni (zaruratga qarab qonun hujjatlari normalariga havolalar qilingan holda) o'z ichiga olgan bo'lishi kerak.

Murojaat yuzasidan qaror qabul qilgan davlat organining mansabdor yoki boshqa vakolatli shaxsi, agar jismoniy yoki yuridik shaxs qarorga rozi bo'lmasa, uning ustidan shikoyat berish tartibini tushuntirishi shart.

Murojaatni ko'rib chiqqan davlat organi, uning mansabdor yoki boshqa vakolatli shaxslari murojaatni ko'rib chiqish natijalari yuzasidan qabul qilingan qarorning ijrosini nazorat qilishi, shuningdek agar jismoniy yoki yuridik shaxsga uning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari buzilishi natijasida moddiy zarar yoki ma'naviy ziyon yetkazilgan bo'lsa, qonunda belgilangan tartibda moddiy zararning o'rnini qoplash yoki ma'naviy ziyonni kompensatsiya qilish bo'yicha chora-tadbirlar ko'rishi shart.

24-modda.  Murojaatlarni umumlashtirish va tahlil qilish

Murojaatlarni ko'rib chiqayotgan davlat organlari jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari, shuningdek jamiyat va davlat manfaatlari buzilishini keltirib chiqaruvchi sabablarni aniqlash hamda bartaraf etish maqsadida murojaatlarni bir yilda kamida bir marta umumlashtiradi va tahlil qilib boradi.

5-bob. Yakunlovchi qoidalar

25-modda.  Nizolarni hal etish

Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.

26-modda.  Moddiy zararning o'rnini qoplash va ma'naviy ziyonni kompensatsiya qilish

Jismoniy yoki yuridik shaxsning arizasi yoxud shikoyati ana shu murojaat bo'yicha qonunga xilof qaror qabul qilgan davlat organi tomonidan qanoatlantirilgan taqdirda, ariza yoki shikoyat berish va uni ko'rib chiqish bilan bog'liq zararning o'rni, arizani yoki shikoyatni ko'rib chiqish uchun tegishli davlat organining talabi bilan joylarga borish munosabati bilan qilingan xarajatlarning hamda ana shu vaqt ichida yo'qotilgan ish haqining o'rni murojaat etuvchiga sud tartibida qoplanadi. Sud tartibida ma'naviy ziyon ham kompensatsiya qilinishi mumkin.

Jismoniy yoki yuridik shaxsning arizasini yoxud shikoyatini ko'rib chiqishda qonun talablari buzilganligi munosabati bilan unga yetkazilgan moddiy zararning o'rnini qoplash va ma'naviy ziyonni kompensatsiya qilish sifatida davlat organi tomonidan to'langan mablag'lar aybdor mansabdor shaxsdan regress tartibida undirib olinishi mumkin.

 

27-modda.  Bila turib yolg'on ma'lumotlar bayon etilgan murojaatlarni ko'rib chiqishda qilingan xarajatlarning o'rnini qoplash

Bila turib yolg'on ma'lumotlar bayon etilgan murojaatlarni ko'rib chiqishda davlat organi tomonidan qilingan xarajatlar jismoniy yoki yuridik shaxsdan sudning qaroriga ko'ra undirib olinishi mumkin.

28-modda.  Murojaatlar to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Murojaatlar to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik, xuddi shuningdek tuhmat va haqoratdan iborat murojaat berganlik belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo'ladi.

29-modda. Ayrim qonun hujjatlarini o'z kuchini yo'qotgan deb topish

Quyidagilar o'z kuchini yo'qotgan deb topilsin:

1) O'zbekiston Respublikasining 1994 yil 6 mayda qabul qilingan «Fuqarolarning murojaatlari to'g'risida»gi 1064-XII-sonli ?onuni

2) O'zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1994 yil 6 mayda qabul qilingan «Fuqarolarning murojaatlari to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida»gi 1065-XII-sonli

3) O'zbekiston Respublikasining 2002 yil 13 dekabrda qabul qilingan «Fuqarolarning murojaatlari to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonuniga o'zgartishlar va qo'shimchalar kiritish haqida»gi 446-II-sonli Qonuni

30-modda.  Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo'lgan o'z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko'rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta'minlasin.

31-modda.  Ushbu Qonunning kuchga kirishi

Ushbu Qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kiradi.

 

Ushbu Qonun «Xalq so'zi» gazetasining 2014 yil 4 dekabrdagi 235 (6165)-sonida e'lon qilingan.

O'zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2014 yil 3 dekabr,

O'RQ-378-son

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech