Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

Korrupsiyaga qarshi kurash toʻgʻrisida

Korrupsiyaga qarshi kurash dunyo miqyosida bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bu illatga qarshi kurashish dunyoning ko‘plab mamlakatlarini qamrab olmoqda. O‘zbekiston Respublikasi ham korrupsiyaga qarshi kurashga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda

Korrupsiya inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlashga xizmat qiladigan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro normalarning amalga oshirilishini qiyinlashtiradigan omildir. Korrupsiya ko‘lami iqtisodiyotning rivojlanishiga salbiy taʼsir ko‘rsatadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi korrupsiyadan xoli mamlakat barpo etishni nazarda tutadi. Ushbu maqsad bugun butun jamiyatimizni jipslashtiruvchi omilga aylanmoqda”.

Korrupsiya insonning shaxsiy, siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy huquqlarini amalga oshirishi yo‘lidagi eng katta g‘ovdir. Korrupsiya ochiqlik, shaffoflik, hisobdorlik, kamsitmaslik va insonning jamiyat hayotining hamma jabhalarida ishtirok etishi bilan bog‘liq inson huquqlarini himoya qilish prinsiplarini buzadi.

Mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi murosasiz kurashishning ilg‘or xalqaro standartlariga asoslangan tizimini joriy etish bo‘yicha izchil choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatida ochiqlik, oshkoralik va shaffoflikni taʼminlash hamda mansabdor shaxslarning aholi oldidagi hisobdorligini yo‘lga qo‘yish orqali davlat boshqaruvida samarali va taʼsirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun zarur sharoitlar yaratildi.

O‘zbekiston Respublikasida oxirgi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida korrupsiyaning oldini olish bilan bog‘liq holat izchil yaxshilanib borayotganligi xalqaro eʼtirofga sabab bo‘lmoqda. Buni bu boradagi xalqaro reytinglarda O‘zbekiston o‘rni yaxshilanib borayotganligidan ham ko‘rish mumkin. Bunga mamlakatda amalga oshirilayotgan korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash siyosati muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Uning quyidagi jihatlarini ko‘rsatib o‘tishimiz mumkin.

Xususan, korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish borasidagi faoliyatning institutsional asoslari yaratildi. Oliy Majlisning har ikkala palatalarida ham Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari bo‘yicha qo‘mitalar tashkil etildi, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturlari belgilanib, ijrosi taʼminlandi. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi va uning hududiy idoralararo komissiyalari O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi va uning hududiy kengashlari etib qayta tashkil etildi. Milliy kengashning ishchi organi – Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. Agentlikka davlat organlari, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlarining birgalikdagi faoliyatini taʼminlash vazifasi yuklatildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi milliy qonunchilik xalqaro standartlarga asosan muvofiqlashtirildi. O‘zbekistonning BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga qo‘shilishi – korrupsiyaga qarshi kurashning huquqiy asoslarini takomillashtirishga zamin yaratdi. Mamlakatimizda “korrupsiya” so‘zi ishlatilgan 210 ta normativ-huquqiy hujjat mavjud. BMTning Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi konvensiyasi normalarini milliy qonunchilikka va huquqni qo‘llash amaliyotiga implementatsiya qilish bo‘yicha muhim qadamlar qo‘yildi. Korrupsiyaga qarshi samarali kurash olib borish maqsadida 2017-yil yanvarda “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qabul qilinishi davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining korrupsiyaga qarshi kuch va imkoniyatlarini birlashtirib, yaxlit tizimni yaratish imkonini berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-maydagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, 2021-yil 16-iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi, 2021-yil 6-iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonlari, 2021-yil 6-iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi, 2022-yil 12-yanvardagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarorlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Mazkur normativ-huquqiy hujjatlar bilan quyidagi chora-tadbirlarni belgilandi:

aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish;

davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olish;

korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga chek qo‘yish, imkoniyat yaratuvchi sabablar, shart-sharoitlarni bartaraf etish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish;

korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha xalqaro hamkorlikni kengaytirish.

Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadbirlarning asosiy maqsadi korrupsiyaning oqibatlari bilangina kurashib bo‘lmasligini, balki korrupsiya holatlarini keltirib chiqaradigan omillarni bartaraf etish, korrupsiyaning barvaqt oldini olish bo‘yicha ishlarni ham o‘z ichiga oladi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech