Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

O'zbek-fransuz savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorligini kengaytirish yo'nalishlari muhokama qilindi

Joriy yilning 18-noyabr kuni Fransiyaga tashrifi doirasida O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari-investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Fransiya savdo vazirligi rahbariyati va bir qator yirik fransuz kompaniyalari bilan savdo – iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning joriy holati va uni yanada rivojlantirish bo'yicha chora-tadbirlarni muhokama qilishga bag'ishlangan qator uchrashuvlar o'tkazdi.

Jumladan, Fransiya Respublikasi savdo bo'yicha vazir-delegat Oliver Besht bilan uchrashuvda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikning hozirgi holati, shuningdek, energetika, suv ta'minoti, issiqlik ta'minoti, geologiya va boshqa sohalardagi yirik loyihalarning amalga oshirilishi yuzasidan fikr almashildi. Metall, kimyoviy mahsulotlar, shisha, to'qimachilik, oziq-ovqat va boshqa tovarlarni, shu jumladan GSP+tizimining qulaylik va imtiyozlaridan foydalangan holda yetkazib berish bo'yicha o'zaro savdo nomenklaturasini kengaytirishga kelishib olindi.

Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) Bosh direktori Remi Riu bilan suhbat chog'ida ikki tomonlama hamkorlikning yuqori dinamikasi qayd etildi. FTAning PROPARCO va Expertise France bo'linmalari bilan hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, 2023-2025 yillarda O'zbekiston Respublikasi va Fransiya taraqqiyot agentligi o'rtasidagi hamkorlik shartnomasini imzolash bo'yicha kelishuvga erishildi.

EDF kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuvda kompaniyaning O'zbekistonning Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlaridagi joriy loyihalarini amalga oshirish jarayoni muhokama qilindi. Kompaniya vakillari Toshkent va Navoiy viloyatlarida muqobil energiya manbalarini rivojlantirish sohasida jami quvvati 1250 MVt bo'lgan yangi loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirishdi. Uchrashuv yakunida tomonlar qo'shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini yanada ishlab chiqish bo'yicha kelishuvga erishdilar.

"SUEZ" direktorlar Kengashi raisi Sabrina Sussan bilan uchrashuvda Toshkent shahri va Surxondaryo viloyatining suv ta'minoti tizimlarini modernizatsiya qilish bo'yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirishning tashkiliy jihatlari to'xtalib, bunda kompaniya tajribasini O'zbekistonning boshqa hududlarida suv ta'minoti tizimlarini rivojlantirishga kengaytirish istiqbollari ko'rib chiqildi. Kompaniyaning shaharlarda issiqlik tarmoqlarini modernizatsiya qilish va qattiq chiqindilarni boshqarish loyihalarida ishtirok etishini nazarda tutgan holda hamkorlikni kengaytirish bo'yicha ishlarni davom ettirishga kelishib olindi.

Shuningdek, "EIFFAGE" kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Unda Yakkabog' - Qarshi yo'nalishi bo'yicha magistral suv quvurini o'tkazish loyihasi muhokama qilindi. Quvurning uzunligi 82 km, suvni saqlash uchun 4 ta suv havzasi mavjud. Tomonlar loyihani jadal amalga oshirish choralarini ko'rishga kelishib oldilar.



Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech