“O‘zbekgidroenergo” AJ va “Masdar”kompaniyasi o‘rtasida kelishuv imzolandi

«O‘zbekgidroenergo» AJ tomonidan mamlakatimizdagi mavjud suv salohiyatidan samarali foydalanish hamda elektr energiyasi taqchilligi sharoitida uzluksiz elektr energiyasi ishlab chiqarish borasida istiqbolli yo‘nalish sifatida GTES (gidro to‘plovchi elektr stansiya)larni qurish imkoniyatlari izchil o‘rganilmoqda.
Bugun, poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan «Gidroenergetika. Markaziy Osiyo va Kaspiy» sakkizinchi xalqaro kongressi doirasida «O‘zbekgidroenergo» AJ hamda BAAning energetika, xususan, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini yaratish bo‘yicha nufuzli Masdar kompaniyasi o‘rtasida mamlakatimizda gidro to‘plovchi elektr stansiyalar (GTES) loyihalarini amalga oshirish borasida hamkorlik kelishuvi imzolandi.
Kelishuvni imzolash jarayonida «O‘zbekgidroenergo» AJ Boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Fozil Maxmudov ishtirok etdi.
Marosimda mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida barqaror va ishonchli energetika tizimini yaratish, bu borada, istiqbolli GTES loyihalarini amalga oshirish muhim ahamiyatga ega ekanligi qayd etildi.
Maʼlumot uchun: GTESlarning ishga tushirilishi natijasida isteʼmolning eng yuqori yuklama (tig‘iz) paytida, ayniqsa, sovuq va issiq mavsumda sodir bo‘ladigan elektr energiyasidagi uzilishlarning oldini olishga muhim hissa qo‘shadi.
Yuqori quvvatdagi loyihalarning ishga tushirilishi elektr taʼminotidagi muammoli hududlarga yo‘naltiriladi. Bu, o‘z navbatida, bugungi kunda o‘sib borayotgan mamlakatimiz aholisini hisobga olgan holda, energiya isteʼmolining tobora ortib borishida yuzaga kelayotgan elektr energiyasi muammolariga ijobiy yechim bo‘ladi.